Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Majlisni Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov kirish so‘zi bilan ochar ekan, dastlab mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan referendum jarayonlari va natijalari xususida to‘xtalib o‘tdi. Xalq tanlovi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, amaldagi barcha qonunlarni takomillashtirish, yangi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish lozimligini ta’kidladi. Zero, birorta qonun hujjati Konstitutsiya normalariga zid kelishi mumkin emas.
Shundan kelib chiqib, bir guruh deputatlar tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Majlisda mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilindi. Loyiha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining maqomini hamda saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shu jumladan, mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘yicha saylov qonunchiligidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
— Ushbu qonun loyihasi bilan har yillik mahalliy byudjetlarda bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanmoqda, — dedi deputat Inomjon Qudratov. — Ushbu o‘zgarishlar mamlakatimizda vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi, fuqarolarning o‘z vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, loyihadagi yana bir muhim yangilik bu – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka muomalaga layoqatsiz shaxslar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda. Bu fuqarolarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha huquqiy kafolatlarni yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, loyihada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolar yig‘ini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiqlashtirilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi, ayniqsa, viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zolariga nisbatan talablar hamda ularning vakolatlarini tugatish asoslari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, loyiha bilan saylov qonunchiligidagi o‘zaro nomuvofiqliklar ham bartaraf etilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, turli organlarga takroriy saylovlarni o‘tkazish asoslari va tartibi o‘zaro muvofiqlashtirilmoqda. Ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Bo‘shab qolgan o‘rinlarga hamda yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish tartibi bilan bog‘liq ayrim huquqiy bo‘shliqlar ham bartaraf etilmoqda. Bunday saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu normalar saylovlarda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi, — dedi ma’ruzachi deputat.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar loyihaning ahamiyati xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar. Qayd etilganidek, loyiha xalqaro standartlar, xususan, Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tavsiyalari, Demokratik saylovlar, saylovga doir huquq va erkinliklar standartlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga mos.
Majlisda ushbu qonun loyihasining muhimligi inobatga olingan holda keyingi o‘qishlarda ham qabul qilindi. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi ma’qullash uchun Oliy Majlis Senatiga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA