Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “FAIR TECH” yagona axborot tizimi doirasida alohida modul ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va farmatsevtika sohasida qonunchilik me’yorlarining iste’molchi foydasiga ishlashini interaktiv usullarda nazorat qilishdir.

Ushbu yangi tizim bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish onlayn tarzda tezkor amalga oshiriladi hamda korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olinadi. Shuningdek, sohada yangi yo‘nalish sifatida iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplashning ta’sirchan mexanizmi joriy etiladi.

Buning huquqiy asosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 oktyabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq belgilangan.

Yangi tartibga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan iste’molchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyum xarid cheklarning QR-kodi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda belgilangan ustamalardan ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga xabar yuborilib, ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchiga qaytarish tizimi ishga tushirilmoqda.

Hozirda tarmoq Soliq qo‘mitasi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining elektron tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilingan va hamkorlikdagi o‘zaro ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha ishlaydi. Sifatli monitoring tizimining samarali ishlashi hamda texnik jihatdan ishlarni tezkor va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari planshetlar bilan ta’minlandi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi Prezident qaroriga muvofiq, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llash tartibi belgilangan.

Qaror bilan joriy yil 1 maydan yangi tartib kuchga kirdi. Ushbu yangi tartibni har tomonlama sifatli nazoratini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 14 hududiy boshqarmasidan 1 nafardan xodim mazkur tizimga biriktirildi. “FAIR TECH” yagona axborot tizimidan kelgan huquqbuzarliklarni tahlil qilib borish hamda asossiz ravishda dori-darmon vositalarining narxlari oshirilgan holatlar aniqlansa, tegishli tartibda chora ko‘rilishi bo‘yicha biriktirilgan mas’ul xodimlarga amaliy tushuntirish ishlari o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 189-bandiga ko‘ra narxlarni asossiz ravishda oshirish savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadi.

G.Boboyeva, O‘zA