Munosabat
Dunyo tajribasidan ma’lumki, mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, uning oqibatlaridan aziyat chekayotgan aholi qatlamlari turmush darajasini oshirish va hayotini barqarorlashtirish, zaruriy shart-sharoitlar bilan ta’minlashda tadbirkorlikning o‘rni yuqori sanaladi.
Shu bois mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay bo‘lgan ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga oid qator islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, mintaqamizda eng qulay fiskal tizimni yaratish bo‘yicha katta o‘zgarishlarga erishildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy etiladi. Bundan tashqari, xorijiy investorlarning o‘z aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mamlakatda tadbirkorlar sonining ortib borishida xorijiy investorlarning ham o‘rni muhim sanaladi. Shu bois so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Natijada, o‘tgan yilning o‘zida 100 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilindi, kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki islohotlar boshlangan 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshdi. 1 millionga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi.
Bu jarayonda an’anaga aylanib borayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘rni ham ortib bormoqda. Jumladan, joriy yil 27-28 aprel kunlari ikkinchi bor o‘tkazilgan ushbu nufuzli forum doirasida bir qator xorijiy davlatlar vakillari hamda ishbilarmon doiralar bilan mamlakat iqtisodiyotini yanada jadallashtirish, munosib ish haqqiga ega bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama shartnomalar imzolandi.
Shu bilan birga, forumning ochilish ma’rosimida davlatimiz rahbari forum ishtirokchilari uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, dastlabki yo‘nalish sifatida bugun butun dunyo iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan “yashil iqtisodiyot” borasida jadal hamkorlikni kengaytirish, bu borada O‘zbekiston jahonning eng nufuzli kompaniyalari bilan quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirayotganligi, bu – investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, mamlakatimizda davlat-xususiy sherikligi borasida ham tajriba va imkoniyatlar yetarli ekanligi ta’kidlandi. Xususan, islohotlar natijasida, oldinlari “yopiq” bo‘lgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelmoqda. Masalan, avval 100 foiz davlat tarmog‘i hisoblangan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yo‘l ochildi. Shu bilan birga, tez o‘sib kelayotgan axborot texnologiyalari, turizm, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib bormoqda.
Umuman olganda, 2023 yilda davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Ular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab olgan.
Yana bir yo‘nalish 2023 yilda davlat mulkini xususiylashtirish yo‘nalishida “1 ming + 1 ming + 40” dasturi joriy etilib, yil oxirigacha, mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, 40 ta strategik korxona “IPO”ga olib chiqiladi.
Shuningdek, Prezidentimiz o‘z nutqida bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlarida yetarli xomashyo va malakali kadrlarga ega ekanligi, shu bois nafaqat mamlakatimiz shu bilan birga, mintaqa davlatlari bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya fondlari orqali sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirish imkoni borligi ham aytib o‘tildi.
Yakunda ushbu islohotlarning har bir jarayonida xorijiy investorlarning huquqlari to‘laqonli kafolatlanishi va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida texnopark va sanoat zonalari, qo‘shimcha imtiyozlar berilishi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, ikki kunlik forum doirasida xorijlik mehmonlarga O‘zbekiston hududlarining investitsiya salohiyati va 160 dan ortiq yirik loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. O‘ylaymizki, bu yilgi forum doirasida imzolangan shartnoma va loyihalar yil oxiriga qadar aholi turmush farovonligi yanada yaxshilanib, kambag‘allik darajasi sezilarli qisqarishiga xizmat qiladi.
Oltinoy MAMIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA