O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Qozog‘iston Bioxilma-xillikni saqlash jamg‘armasi hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi hamkorligida G‘arbiy Tyan-Shan transmilliy YUNESKO Butunjahon merosi hududiy qo‘mitasining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda YUNESKOning G‘arbiy Tyan-Shan hududiga kiritilgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rahbarlari, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston ilmiy muassasalari ekspertlari ishtirokida “G‘arbiy Tyan-Shan” ichki nazorat bo‘limi bo‘yicha Harakatlar rejasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar qo‘riqxona faoliyati, sayyohlar markazi va tabiat muzeyi bilan ham yaqindan tanishdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning 8 ta qo‘riqlanadigan tabiiy hududi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot va tabiatni muhofaza qilish borasida, shuningdek, ekoturizm va ekologik ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlarida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash muhim. Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonning 17 iyulni – “G‘arbiy Tyan-Shan” Butunjahon merosi ob’ekti kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qulladi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, G‘arbiy Tyan-Shan – O‘rta Osiyo Tyan-Shan tog‘ tizimi tarkibiga kiradigan dunyodagi yetti yirik tog‘ tizmalaridan biridir. G‘arbiy Tyan-Shanning turli hududlari balandligi 700 dan 4 ming 503 metrgacha o‘zgarib turadi. Ushbu ob’ekt bioxilma-xillikka, turli landshaftlarga boy.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA