Tadbirkorlar erkin faoliyat yuritsa, xususiy mulk daxlsizligi, ayniqsa bankdagi pul mablag‘lari kafolatlari ta’minlansa, xususiy tarmoq rivojlanib boraveradi.

Aynan shu maqsadga qaratilgan qonunchilik takomillashtirilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga asosan tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.

Mazkur qonun Senat yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan.

Senat qo‘mitalarida shu kabi qonun hujjatlarini yalpi majlis oldidan yana bir bor ko‘rib chiqishga oid majlislar bo‘lib o‘tdi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan qurilish loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun  javobgarlik belgilanayotgani juda dolzarb  masala ekani qayd etildi.

Majlisda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolar va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda mas’ul xodimlarning mas’uliyatini oshirish zarurligiga ham e’tibor qaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA