1 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Jumladan, O‘zXDP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab fraksiya a’zolari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘ini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari bilan to‘lashi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) 2022 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan davrda konsullik yig‘imini to‘lashdan ozod qilish kabi yana qator imtiyozlar nazarda tutilyapti.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdilar va uni qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, yig‘ilishda bir guruh deputatlar tomonidan qonun tashabbuskorligi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qo‘shish belgilanmoqda.
Fraksiyalar tomonidan yana bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinib, qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA