O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga qarshi kurashish maqsadida muddatsiz davrga moratoriy e’lon qilingan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup ko‘chat ekilmoqda.
Biroq, shunga qaramasdan o‘simlik dunyosi ob’ektlariga ziyon yetkazish, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar ekologik vaziyatning keskinlashishiga sabab bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun shu kabi holatlarga chek qo‘yishga qaratilgan.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda ularni saqlab qolish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan qurilish loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, daraxt, buta va o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish uchun belgilangan jarima miqdori oshirilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi o‘simlik dunyosining yanada ishonchli muhofaza qilinishi, yashil hududlarning kengayishi va daraxtlarning noqonuniy kesilishining oldini olishga imkon beradi.
Majlisda davlatimiz rahbarining “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligining axboroti ham eshitildi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Markaziy Osiyo mintaqasining tabiiy-iqlim sharoitiga, atrof-muhitning holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi yaxlit ekologik tizim sifatida “Asosan suvda yashovchi qushlar uchun qo‘nim hisoblangan xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq hududlar to‘g‘risida”gi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan iqtisodiy, madaniy va rekreatsiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan noyob ob’ektlardan biri hisoblanadi.
Keyingi yillarda suv sathining pasayishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15–20 sm.gacha, ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Oqibatlari ko‘llar va ularning atrofidagi ekotizimdagi o‘zgarishlarda, shu jumladan, suvli-botqoqli hududlarning o‘ziga xos flora va faunasining kamayib borishida namoyon bo‘lgan.
Arnasoy suv ombori orqali ko‘llar tizimiga tashqi manbalardan 2023 yil 500 million metr/kub suv tashlanib, hozirga kelib suv hajmi taxminan 37,7 milliard metr/kubga tenglashgan.
Mas’ullarga hududda ekoturizmni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, baliqchilikni rivojlantirish, tashqi va ichki manbalarda suv tashlash barqarorligiga erishish kabi masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Majlisda Tabiat resurslari vazirligi tomonidan chiqindilarni qayta ishlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atmosfera havosining ifloslanishi va daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA