O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini saqlash va undan oqilona foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra respublika hududida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi o‘z vakolatlari doirasida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish hamda unumdorligini tiklash, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish ishlarining sifati va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatadi va monitoring olib boradi.

2023 yil 1 maydan boshlab Toshkent shahri va boshqa shaharlarni kengaytirish hamda noqishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun ajratilgan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar ushbu yer uchastkalarida tuproqning unumdor qatlamini sidirib olib, foydalanishga kiritiladigan va rekultivatsiya ishlari amalga oshiriladigan yer maydonlariga yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

2023 yil 1 avgustga qadar yer fondining barcha toifalaridagi qishloq xo‘jaligi yerlari holati, shu jumladan, buzilgan va rekultivatsiya qilingan yerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Geoaxborot” tizimida joylashtiriladi.

O‘zA