“Anadolu” yozishicha, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish mamlakat milliy qonunchiligi va xalqaro normalarga mos tashkil etildi.
Bunday baho Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) va Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA) kuzatuvchilar missiyalari rahbarlari tomonidan Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida berilgan.
TDT Bosh kotibi o‘rinbosari Omer Kojaman tashkilotning kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistonda 28 aprel kuni ish boshlagani, ovoz berish kuni 25 ta uchastkada bo‘lganini ma’lum qildi.
U referendumga professional tayyorgarlik ko‘rilgani, ovoz berish va sanab chiqish jarayoni shaffof o‘tganini qayd etdi.
Kojaman fuqaro o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun hech qanday to‘siq bo‘lmaganini ta’kidladi. “Shuningdek, natijaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan texnik nosozlik ham kuzatilmadi”, dedi u.
TurkPA kuzatuvchilari rahbari Rejep Sheker guruh a’zolari butun jarayon – saylov uchastkasi ochilishidan boshlab, ovozlarni sanab chiqishgacha bo‘lgan voqealarni diqqat bilan kuzatib borganini bildirdi.
– Missiya Markaziy saylov komissiyasining quyi bo‘g‘in komissiyalarini tayyorlash va referendum jarayoni shaffofligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini ijobiy baholadi, – deya qo‘shimcha qildi Sheker.
G.Sattorova,
O‘zA