O‘zbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.

Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan.

Qonunning qabul qilinishi yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida ishlaydigan xodimlar manfaatlarini himoyalashni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining majlisida ushbu masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Konvensiya havoning ifloslanishi, shovqin va tebranish bilan chaqiriluvchi kasbiy xavf-xatarlardan ogohlantirish va ularni cheklashga hamda ushbu xavf-xatarlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etish majburiyatini yuklaydi.

Mazkur hujjat qabul qilinsa, yirik korxonalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun qulay hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq masalalarda ish beruvchilarning mas’uliyatini oshiradi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA