Referendum jarayonlarini xalqaro ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham kuzatib bormoqda. MDH Parlamentlararo assambleyasi vakili Aleksandr Danchenko referendum o‘tkazilayotgan uchastkalarni ko‘zdan kechirdi.

– Tashkiliy ishlar yuqori saviyada. Shuning uchun aholi uchastkalarda muammosiz, erkin o‘z xohish-irodasini bildirmoqda, – dedi Aleksandr Danchenko. – Belarus Respublikasi Milliy majlisi deputati sifatida faoliyat yuritaman. Shu sababli MDH Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilari safiga kiritilganman. Kuzatuvchilarga ham barcha sharoit yaratilgan. Markaziy saylov komissiyasi istagan barcha axborotimizni taqdim etmoqda.

Muhimi, odamlar referendumda faollik ko‘rsatmoqda. Ular o‘z kelajagi yaxshiroq bo‘lishi uchun, buni tushungan holda tadbirda ishtirok etayotgani sezilib turibdi.

Biz, ya’ni belarus va o‘zbek xalqi do‘stlarmiz. Bir-birimizga faqat yaxshilik tilaymiz.

Aytib o‘tishim kerak, 1983 yilda xizmat taqozosi bilan Farg‘onaga kelganman. O‘shanda cho‘lu biyobon deb tasavvur qilgan joyim yam-yashilligini ko‘rib hayratga tushganman. bugungi kunda esa O‘zbekiston ancha taraqqiy etganiga guvoh bo‘ldim.

O‘zA muxbiri

Norgul ABDURAIMOVA  yozib oldi.