Ayni paytda Markaziy Osiyo xalqaro institutida ​“O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ichki rivojlanish jarayonlari va strategik sheriklikning istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.

MOXI va Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasining Yevroosiyo tadqiqotlari instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ikki tuzilma direktorlari Vladimir Norov va Din Syaosin, shuningdek, tahlil markazlari yetakchi ekspertlari guruhi ishtirok etmoqda.

Suhbatda Xitoy tomoniga Yangi O‘zbekistonni barpo etishda mustahkam huquqiy asos yaratishga, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish va asosiy qonunimizni zamonaviy voqeliklar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda bo‘lajak referendum to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Tadbirning kirish qismida Vladimir Norov O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil dekabrda parlamentga va xalqqa Murojaatnomasi o‘tgan yilning muhim siyosiy voqeasi sifatida e’tirof etilgani, unda mamlakatimizni kelgusi davr uchun isloh qilish va modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilganini ta’kidladi.

Shuningdek, zamonaviy sharoitda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb muammolari, o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar doirasida  xalqaro tashkilotlar va  platformalarda (BMT, SHHT, “Markaziy Osiyo-Xitoy” formatida) konstruktiv hamkorlik mustahkamlanayotgani qayd etildi.

Hozir Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasining Yevroosiyo tadqiqotlari instituti direktori Din Syaosin nutq so‘zlamoqda.

Tadbir ikki mamlakat ilmiy hamjamiyati vakillari va ekspertlari o‘rtasida ochiq va konstruktiv fikr almashish, amaliy takliflar ishlab chiqish va ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.

Behruz Xudoyberdiyev, Alimurod Madaminov (surat) O‘zA