Rossiyalik ovchi Sergey Mazurkevich Surxondaryoda “Qizil kitob”ga kiritilgan morxo‘r va arxar (tog‘ echkisi turiga mansub yovvoyi hayvon)ni otib o‘ldirib, jarayon videosini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Ushbu jonivorlar soni keskin kamayib ketganligi bois “Qizil kitob”ga kiritilgan ekan.

Ovchining  harakatlari jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. O‘zA muxbiri mutaxassislardan ushbu voqeaga izoh so‘radi.

O‘lmas Sobirov, Tabiat resurslari vazirligi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i:  

—2020 yilda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mavjud. Ushbu qonunning 20-moddasiga ko‘ra respublikamizdagi har bir yovvoyi hayvonot dunyosi, o‘simliklar ob’ektining kadastr hisoboti yuritiladi. Qonunchilik talablariga muvofiq berilgan buyurtma asosida shu hayvonning zaxirasi qanchalik mavjudligi o‘rganib chiqiladi. O‘rganib chiqilgach, tabiatdan olish mumkinligi to‘g‘risida xulosa beriladi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tabiatdan bir dona hayvon ajratib olinadi.

Ruxsatnoma berilganidan keyin ham ov jarayoni nazorat ostiga olinadi. Ov jarayonida ovlangan hayvon to‘g‘risida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, tabiatdan ajratib olingani haqida akt tuziladi.

Bu yerda Buxoro bug‘usini otibdi, degan mish-mishlar tarqalgan. Aslida tabiatdan olingan morxo‘r hayvoni 2022 yil noyabr oyida tegishli qonunchilik talablariga muofiq ruxsatnoma asosida, ya’ni huquqiy jihatdan to‘g‘ri olingan.

N.Rahmonova, N.Abduvoitov(video) O‘zA