Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Ikkinchi xalqaro investitsiya forumida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham ishtirok etmoqda. O‘zA muxbiri martabali mehmondan qisqa intervyu oldi.

– O‘z vaqtida tashkil etilgan mazkur anjuman ishbilarmon doira vakillari bilan hukumat a’zolari o‘rtasida muloqot maydoni yaratganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida keltirgan faktlar hamma uchun qiziqarli, deb o‘ylayman. Masalan, O‘zbekiston mintaqada eng qulay fiskal tizim yaratish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishga erishgani ta’kidlandi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirilgan. Oldin ushbu ko‘rsatkich 20 foiz ekan. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilinib, soliq va bojxonada o‘zaro hisobga olish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari xorijiy investor aksiyadan oladigan dividend uch yil muddatga soliqdan ozod qilinishi, foyda solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirilishi juda katta natija. Bularning bari investorlar uchun qulaylik yaratish, iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan, puxta o‘ylangan islohotlardir. Ayni imtiyoz, imkoniyatlar O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini yanada oshiradi.

Guvoh bo‘lganingizdek, forumda so‘zga chiqqan Saudiya Arabistoni, Vengriya, Qirg‘iziston hukumati vakillari ham ayni jihatlarni alohida e’tirof etdi.

O‘ylaymizki, bu forum nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa davlatlari, ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar uchun juda foydali, samarali bo‘ladi.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA