Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish: muammolar va yechimlar” mavzusida Xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

“Jahon Yer kuni”ga bag‘ishlangan mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etildi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Germaniya, Turkiya, Koreya Respublikasi va boshqa qator davlatlardan tashrif buyurgan soha ekspertlari, olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Sayyoramizning 71 foizini dengiz va okeanlar, 29 foizini quruqlik tashkil etsa, shundan atigi 11 foizida insoniyat uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizi yetishtirilmoqda.

BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) tomonidan tayyorlangan “Global ekologik taraqqiyot” hisobotida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda yer sharida 2 milliard gektarga yaqin maydon turli darajada degradatsiyaga uchragan.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlash va oshirish, degradatsiyaga qarshi kurashish, eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish, cho‘llanish jarayonlarining oldini olish masalalari global miqyos kasb etgan.

Xalqaro forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad ham keng jamoatchilikning, xususan, yoshlarning e’tiborini yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishga qaratish  hamda yerni barqaror boshqarish bilan bog‘liq dolzarb muammolarning samarali yechimi bo‘yicha islohotlarni  ommalashtirishga qaratilgan.

Forumda mazkur muammolar ko‘lamini kamaytirish, degradatsiya oqibatlarini yumshatish, tuproq unumdorligini yaxshilash maqsadida so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani alohida qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 10 iyunda “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Qarorga muvofiq vazirlik tizimida Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha departament tashkil qilindi hamda unga yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish bo‘yicha davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatildi.

Istiqboldagi strategik vazifalar sifatida 2026 yilga qadar 1 million gektar ekin maydonlarida tuproqlardagi gumus miqdorini oshirish, sho‘rlangan yerlar miqdorini 100 ming gektarga kamaytirish, 1,7 million gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash, 26 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida ihotazorlar barpo qilish belgilanib, bu boradagi ishlar jadal amalga oshirilmoqda.

Degradatsiyaga uchragan 232,8 ming gektar hududda o‘rmonlar barpo etish ishlari boshlab yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan xalqaro tashkilotlar hamkorligida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat “yashil qoplamalar” barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Qolaversa, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, sohaga yangi zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish, tabiiy resurslardan ilmiy asoslangan holda oqilona va samarali foydalanishni tashqil qilish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda umumiy qiymati 50 million dollarga yaqin qariyb 15 ta loyiha joriy qilinmoqda.

Ilk bor o‘tkazilgan mazkur xalqaro forum mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, global iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini yumshatishga qaratilgan barqaror rivojlanish yo‘lida aniq strategik tadbirlar rejasini belgilab olishga xizmat qiladi.

Anjuman doirasida ilmiy yangiliklar, fikrlar hamda ilg‘or tajribalar almashiladi. Ekspertlar mazkur sohada olib borayotgan tadqiqotlariga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan chiqish qildi. Tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining degradatsiyaga qarshi hamkorlikda kurash olib borishida muhim qadam bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri