O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston tashqi ishlar vazirlari va Turkmaniston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari “Xitoy-Markaziy Osiyo” formatidagi to‘rtinchi uchrashuvda ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasi Sian shahrida to‘plandi.

Kecha mazkur uchrashuv oldidan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoy Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Sin Gan bilan alohida muzokara o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida “mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan o‘sish ko‘rsatkichini namoyish etayotgan”i ta’kidlandi.

Xitoy OAV yozishicha, Xitoy va O‘zbekiston keng qamrovli strategik sheriklik munosabatini yangi davrda ham davom ettiradi va kambag‘allikka qarshi kurash, innovatsiya sohasida hamkorlikning yangi nuqtalarini yaratadi. Shu nuqtai nazardan suhbat davomida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali qurilishini tezlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, “Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi tashqi ishlar vazirlari to‘rtinchi uchrashuvini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad joriy yil iyun oyiga mo‘ljallangan “Xitoy – Markaziy Osiyo” davlat rahbarlari birinchi sammitini Xitoyda muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik holatini tahlil etish hisoblanadi.

Tomonlar bo‘lajak oliy darajadagi anjuman dasturini, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni, shuningdek, umumiy manfaatlarni ifoda etgan xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham muhokama qiladi.