Samarqandda 27-29 aprel kunlari Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA) ning “Ipak yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzuidagi birinchi bahorgi kongressi o‘tkazilmoqda.

Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglarining tashabbuskor guruhi tomonidan 1992 yilda Singapurda ta’sis etilgan mazkur jamiyat notijoriy tashkilot bo‘lib, Osiyo mintaqasida endoskopik xirurgiyani rivojlantirish, jamiyatga a’zo davlatlardagi tibbiy muassasalarda mazkur sohaga doir tavsiyalarni amaldagi standartlar asosida ishlab chiqishni maqsad qilgan.

– bugungi kunda ELSA Osiyo-Tinch okeani mintaqasida endoskopik xirurglarning katta obro‘ga ega jamiyati hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2-klinikasi ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazi bosh shifokori, professor Jamshid Shamsiyev. – Bu tashkilot endoskopik xirurglar jamiyati xalqaro federatsiyasi (IFSES) ning asoschilaridan bo‘lib, uning rahbarlik organi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 37 mamlakatdagi yetakchi endoskopik xirurglar vakillaridan tashkil topgan. Bizning markazimiz jarrohlari 2016 yilda mazkur jamiyatga a’zo bo‘lgan. Jamiyat har yili bir marta kuzda o‘zining kongressini o‘tkazadi. Lekin biz jamiyatga taklif bilan chiqib, bahorgi kongressini tashkil etish va uni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini bildirdik. Bunga keyingi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida tibbiy muassasalarimiz moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotgani, yuqori texnologik davolash metodlari qo‘llanilayotgani va murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani ham asos bo‘ldi.

Kongressga Malaziya, Singapur, Fillipin, Janubiy Koreya, Pokiston, Bangladesh, Yaponiya, BAA, Xindiston, Yaman, Turkiya singari 45 davlatdan 500 dan ortiq ishtirokchi taklif etilgan.

Xalqaro forum doirasida 27 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida “Laporoskopik mahoratlar va egiluvchan endoskopiya” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda Singapur, Malayziya, Filippin, Yaponiya va boshqalar davlatlardan kelgan olimlari va respublikamiz tibbiyot sohasi vakillari ishtirok etdi. Seminar sessiyalarida laporaskopik usulda amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyotlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’ruzalar tinlandi. Kunning ikkinchi yarmida kongress ishtirokchilari uchun amaliy mashg‘ulotlar, mahorat saboqlari o‘tkazildi. Yuqori malakali xirurglar tomonidan murakkab jarrohlik amaliyotlari ko‘rgazmali tarzda bajarildi. Jumladan, filippinlik xirurglar va mahalliy mutaxassislar hamkorligida ilk bor chov churrasi laparoskopik usulda operatsiya qilindi.

– Kongressda  institutimizdan 12 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etmoqda, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti dotsenti Umidjon Usmonov. – Kongress doirasida o‘tkazilgan ushbu jarrohlik amaliyoti nafaqat o‘zbekistonlik shifokorlarga bemorlarni zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda operatsiya qilish, balki xorijlik shifokorlar bilan tajriba almashish imkonini berdi.

Kongressning asosiy tadbirlari 28-29 aprel kunlari Samarqand xalqaro turistik markazida o‘tkaziladi.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri