Toshkentda “O‘zbekistonda Tyuringiya iqtisodiyoti kunlari” bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur haftalik o‘tkazilishi munosabat bilan Tyuringiya Federal davlatining iqtisodiyot, fan va raqamlashtirish vazirining birinchi o‘rinbosari, Davlat kotibi Karsten Feller boshchiligidagi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Joriy yilning 29 apreliga qadar davom etadigan ushbu haftalik doirasida Germaniya delegatsiyasi ishtirokida bir qator uchrashuv va tadbirlar tashkil etilmoqda.

Joriy “O‘zto‘qimachiliksanoat”  uyushmasida  o‘tkazilgan uchrashuv ulardan biridir.

Uchrashuv yakunida  Tyuringiya Federal davlatining iqtisodiyot, fan va raqamlashtirish vazirining birinchi o‘rinbosari, Davlat kotibi Karsten Feller O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston  Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorimiz hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar uzoq yillik an’anaga asoslanadi.

bugungi kunda mamlakatingizda ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Biz esa bunga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Tashrifimiz davomida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi faoliyati bilan tanishdik. Ochig‘i, men keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan ishlardan hayratdaman. Yaxshi strategik nuqtai nazardan yo‘naltirilgan rivojlanishga  harakat qilinmoqda.

O‘zbekiston o‘zi ishlab chiqargan mahsulotini  qayta ishlashga urinmoqda. Ya’ni,  xomashyo chiqarmasdan, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Eksport masalasiga kelsak, Germaniya O‘zbekiston mahsulotlari uchun  maqsadli eksport bozoridir. To‘qimachilik sohasi vakillari bilan uchrashuv chog‘ida Tyuringiya to‘qimachilik va polimer tadqiqotlari instituti va  “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.  Ushbu  shartnoma eksport sohasidagi hamkorlikka qo‘yilgan   muhim qadam,  deyish mumkin.

Tyuringiya to‘qimachilik va polimer tadqiqotlari instituti Germaniyaning yetakchi ilmiy muassasasidir. Bu institut yangi material ustida ish olib bormoqda. Xususan, kanop. Paxtaga qo‘shimcha ravishda kanop  ham ishlatilishi mumkin. Hozir ushbu material bo‘yicha sinovlar o‘tkazilmoqda. Mana shu sohada hamkorlik qilishga harakat qilmoqdamiz.

Shuni ta’kidlash kerakki, to‘qimachilik sohasida O‘zbekiston bilan  hamkorlik Germaniya uchun ham foydalidir.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva

yozib oldi