Yaponiya Koreya Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xoni “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari moliya vazirlarining may oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuviga taklif etdi. Bu haqda Koreya Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qilmoqda, deyiladi mazkur xabarda.

Janubiy Koreya hukumatining ta’kidlashicha, moliya vazirlarining uchrashuvi 11-13 may kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tadi. Tokio shuningdek, Koreya Respublikasidan tashqari, Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Singapur va Komor orollarini ham uchrashuvga taklif etgan.

“Bosh vazirimizning birinchi o‘rinbosari “Katta yettilik” mamlakatlari moliya vazirlarining uchrashuviga 2008 yildan buyon ilk bor taklif etildi. Bu Koreya Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasidagi  munosabatlar qayta tiklanganini hamda mamlakatimizning iqtisodiy maqomi oshganini ko‘rsatadi”, – deyiladi Seuldan tarqatilgan xabarda.

Ikki mamlakat munosabatlarining yomonlashuviga 2018 yilda Koreya Respublikasi Oliy sudi Yaponiyaning mustamlakachilik yillarida koreyaliklarni  majburiy mehnatga jalb qilgani uchun tavon to‘lash haqidagi qarori sabab bo‘lgan edi. Joriy yil mart oyida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin tavon to‘lash masalasiga oid bahsni hal qilish bo‘yicha rejasini taqdim etdi.