Poytaxtimizdagi “Tashkent City” Xalqaro ishbilarmonlar markazi Kongress-xollida bo‘lib o‘tayotgan II Toshkent xalqaro investitsiya forumida bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar, biznes kompaniyalar rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari o‘z chiqishlari bilan ishtirok etmoqda.

Yalpi majlis muvaffaqiyatli tashkil etildi. Ayni paytda esa investitsion salohitdan kelib chiqqan holda hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotni jadallashtirishga bag‘ishlangan qator muhim mavzularda panel sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, “BBC World News” tijorat vakillari rahbari Sergey Stanovkin moderatorligida o‘tayotgan – “Savdo moliyasi: kelajakka nazar” panel sessiyada savdoni moliyalashtirish global savdo oqimining taxminan 80-90 foizini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.

Ekspertlar fikricha, bugungi kunda taxminan 1,7 trillion dollar miqdorida moliyalashtirilmagan tranzaksiyalar mavjud bo‘lib, ularning 40 foizidan ortig‘i KO‘B operatsiyalar hisoblanadi. Tranzaksiyalar murakkabligi, ishtirokchilar ko‘pligi, jumladan, bank, eksport-kredit agentliklari KO‘B sub’ektlarining moliyalashtirish imkoniyatini cheklaydi.

Yig‘ilish davomida tizimni optimallashtirish 2030 yilga qadar 600 milliondan ziyod ish o‘rinlarini yaratishi kerak bo‘lgan jahon iqtisodiyoti uchun juda muhimdir. Hukumatlar va xalqaro tashkilotlar kichik va o‘rta biznesning savdoni moliyalashtirish vositalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish uchun amalga oshirish kerak bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

“Markaziy Osiyoda savdoni moliyaviy rivojlanishiga nima to‘sqinlik qilmoqda?”, “Raqamli yechimlar global miqyosda savdo moliyasining rivojlanishiga qanday ta’sir qilishi mumkin?”, degan ayrim savollarga batafsil javob berildi.

Shu vaqtning o‘zida parallel ravishda o‘tayotgan “Turizm va chakana savdo: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida sessiya o‘z ishini davom ettirmoqda.

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Elena Son boshqarayotgan navbatdagi muhokamada, aynan turizm sektorida Yer yuzidagi har o‘ninchi kishi ayni sohada faoliyat yuritayotgani xususida so‘z bordi. Shu bois pandemiya davrida turizm sektori butun dunyoga sanoatning jahon iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim ekanini namoyish qildi, degan fikr ilgari surilmoqda.

Suhbat chog‘ida turizm sektori iqtisodiyot va jamiyatning deyarli barcha tarmoqlari bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi. Hozirgi vaqtda xarid qilish turizmi turistik qiymat zanjirining tobora muhim tarkibiy qismiga aylanib boryapti.

Xorijlik mutaxassislar mehmonxona va restoran sanoati mehmondo‘stlikning, turistik infratuzilmaning asosiy tarkibiy qismi hisoblanishiga bir ovozdan qo‘shildi. Turizmni rivojlantirish yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik va sarmoyaviy faollikni rivojlantirishni rag‘batlantirayotgani aytildi.

Forum davom etmoqda, dasturga muvofiq, kun davomida yana qator sessiyalar o‘tkaziladi, kun oxirida esa hamkorlik shartnomalari imzolanadi. O‘zAni kuzatib boring.

Behruz Xudoyberdiyev,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA