Maktabgacha ta’lim agentligida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin Koreyaning “Edulink Global” ta’lim kompaniyasi prezidenti va ijrochi direktori Chungrim Xan xonim bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston  Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan “S-board” dasturini amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Chungrim Xan xonim Koreya O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimiga yangi ilg‘or innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga intilayotganini ta’kidladi.

“S-board” mobil dastur bo‘lib, maktabgacha ta’lim sifatini yaxshilash, raqamli hisobotga  bosqichma-bosqich o‘tish, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va ota-onalarga  ko‘maklashish uchun mo‘ljallangan. Ilovani “Google Play”, “App Store” va “Apple” onlayn do‘konlaridan bepul yuklab olish mumkin. Mazkur mobil ilovaning ishga tushirilishi ota-onalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog-tarbiyachilari uchun muhim ahamiyat kasb etib, ta’lim sifati oshishiga xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish, Maktabgacha ta’lim agentligi va Koreyaning “Edulink Global” ta’lim kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bandlarini amalga oshirishni jadallashtirish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

M.Qosimova, O‘zA