Jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan, yirik ishbilarmon va tadbirkorlarni bir maydonda birlashtirgan Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi qizg‘in davom etmoqda.

Anjuman mamlakatimiz xalqaro aloqalari mustahkamlanishiga, iqtisodiy hamkorlik rivojlanishiga xizmat qiladi. Turli mamlakat vakillarining ishtiroki esa tajriba va bilim almashish, hamkorlik geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.

Bu yilgi tadbir dasturi mazmunan boy. Yalpi majlis, 28 sho‘’ba yig‘ilish va davra suhbatlari, qator yirik investitsion kelishuv va savdo shartnomalarini imzolash marosimlari, biznes olamiga doir dolzarb mavzular, xususan, investitsiya sektori, moliyaviy institutlarni raqamlashtirish,  zamonaviy pul-kredit siyosati bo‘yicha munozaralar kutilmoqda.

150 dan ortiq spiker – yetakchi xalqaro kompaniya, fondlar rahbarlari, taniqli iqtisodchilar, ekspertlar investitsiya olamidagi tendensiya, “yashil” energetikani rivojlantirish istiqboli, elektron tijorat va xalqaro darajadagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga doir dolzarb masalalarni muhokama qilishadi.

Yalpi majlisda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon Al-Jassir O‘zbekistonda investorlarga berilgan imtiyozlar yuqori darajada ekanini qayd etdi. Investorlar oldida turgan noaniqlik muammosini hal qilish – katta ish. Prezident nutqida ayni shu xavotirlarga asos yo‘qligi ta’kidlandi. Oxirgi olti yil davomida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi olti foizga chiqqani ham salmoqli natija ekani e’tirof etildi.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasi rahbari – Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov, BMT bosh kotibi o‘rinbosari Olga Algayerova so‘zga chiqdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Birinchi TXIF 2022 yil bo‘lib o‘tgan. Forumda umumiy qiymati 7,8 milliard dollarga teng qat’iy shartnoma va investitsion bitimlar paketi imzolangan. Shuningdek, tomonlar 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Bu yilgi forumda mazkur ko‘rsatkichni yangilash va yaxshilashga uchun asos yetarli.

TXIF-2023 AQSH, Yevropa Ittifoqi, Janubi-Sharqiy Osiyo, MDH va Yaqin Sharq davlatlari, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Misrdan 2500 nafar ishtirokchini to‘pladi. Qiyoslash uchun, o‘tgan yil 1,5 ming kishi qatnashganini keltirish mumkin.

Jarayonni 200 ga yaqin OAV vakillari yoritib boryapti. Ularning yarmi xorijliklar.

G2G, G2B va B2B formatli uchrashuvlarda ustuvor loyihalar, istiqboldagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Go‘zal Sattorova,  

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA