O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Xalqaro investitsiya forumi doirasida Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nadni qabul qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning birinchi galdagi chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Tadbirkorlar va hududlar darajasidagi kooperatsiyani tubdan kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yaqin oylarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, chuqurlashgan sanoat kooperatsiyasi uchun mo‘ljallangan tuzilma shartlarini tez fursatda kelishish va faoliyatini boshlash muhim ekani ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, transport va kommunikatsiyalar, samarali moliyaviy vositalarni yaratish borasidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish ishlarini tezlashtirishga kelishib olindi.