Mamlakatimizning bir necha oliy ta’lim muassasasi Ural Davlat iqtisodiyot universiteti (UrDIU) bilan talabalarni o‘qitish, malakali mutaxassis tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilib keladi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ural federal okrugining ma’muriy markazi hisoblangan Yekaterinburg shahrida joylashgan ushbu ta’lim muassasasi bilan birga qator dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ikkala oliy ta’lim muassasasi qo‘shma dasturi 2018 yil faoliyat boshlagan. Dasturga ko‘ra, o‘tgan yil dastlabki 129 nafar bitiruvchi O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya federatsiyasining bakalavr darajasidagi qo‘shma diplomini oldi. Joriy o‘quv yili 300 nafar bitiruvchi shunday hujjatga ega buladi. Mazkur dasturda bakalavr darajasi bo‘yicha beshta, magistraturada ikkita yo‘nalish mavjud bo‘lib, jami mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Shuningdek, Samarqand davlat universiteti, Toshkent moliya instituti ham UrDIU bilan hamkor.

Biz bu aloqalarni bejiz yodga olmadik. Shu kunlarda ushbu oliy ta’lim maskanida “XIII Yevroosiyo iqtisodiy yoshlar forumi” bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman doirasidagi tadbirlarda, xususan, o‘quv-amaliy jarayonda o‘zbekistonlik yoshlar ham ishtirok etmoqda.

“Ko‘p qutbli dunyo yangi voqelik diqqat markazida” mavzusida uyushtirilgan tadbir bu gal yuzdan ortiq mamlakatdan 12 ming nafarga yaqin kishini bir joyga to‘pladi. Forum doirasida iqtisodiyot sohasiga oid eng muhim masalalar olti yuzga yaqin ekspert ko‘magida muhokama qilinmoqda.

Yirik tadbir avvalida tashkil etilgan media-forumda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va Rossiya Federatsiyasining yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Media-forum doirasida nafaqat yalpi majlis va muhokama, balki “Raqamlashtirish sharoitida bosma OAVning ahamiyati, axborotni tarqatish tizimi” va “Tahririyat — ijodiy g‘oyalar markazi” kabi mavzularda sho‘’ba yig‘ilishlari ham o‘tkazildi.

Yosh jurnalistlar va Yekaterinburg shahri rahbari Aleksey Orlov o‘rtasida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.

Ayni payt dasturga muvofiq, inter faol platforma ishi davom etyapti, “Komsomolskaya pravda” media guruhi yetakchi jurnalistlari tomonidan mahorat darsi o‘tilmoqda.

O‘zA Forum tafsilotini batafsil yoritib boradi.

Ikrom Avvalboyev,

O‘zA
Yekaterinburg, Rossiya