O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) missiyasi rahbari Albert Yonsson bilan uchrashdi.

Uchrashuvda delegatsiya a’zolari konstitutsiyaviy islohotlar, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlarga O‘zbekistonda saylov qonunchiligini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

O‘z navbatida A.Yonsson taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirib, 10 nafar Toshkent shahrida va 14 nafar hududlarda faoliyat olib borayotgan uzoq muddatli DIIHB missiyasi kuzatuvchilari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Keyingi yillarda saylov jarayonida O‘zbekiston va YXHT DIIHB o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlangani, bu jarayonda milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish orqali fuqarolarning saylov huquqlarini kengroq va to‘liq ta’minlashga e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

A.Yonsson referendum juda muhim voqea bo‘lib, Konstitutsiya bo‘yicha referendumni ilk bora kuzatish bo‘yicha ushbu missiyaga rahbarlik qilish uning uchun katta sharaf ekanligini bildirdi.

Missiya referendumning o‘tkazilishini uning YXHT majburiyatlariga, shuningdek, demokratik saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha boshqa xalqaro majburiyat va standartlarga hamda milliy qonunchilikka muvofiqligi nuqtai nazaridan baholaydi. Xususan, ish jarayonida qonunchilik bazasining qo‘llanilishi, saylovoldi tashviqoti, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, barcha darajadagi referendum o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyati monitoringi, murojaatlarni hal etish jarayoni va bu boradagi jarayonlarni yoritish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Kuzatuvchilar DIIHBning avvalgi tavsiyalarining bajarilishini ham baholaydilar.

Missiya rahbari ta’kidlaganidek, ekspertlar ushbu muhim siyosiy jarayonni, jumladan, referendum kuni – 30 aprelda ham kuzatishadi. Bugun missiya davlat organlari va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va xalqaro hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

— Saylovdan keyingi kun missiya matbuot anjumani o‘tkazadi, unda dastlabki xulosalar taqdim etiladi, — dedi YXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi rahbari Albert Yonsson. – Shundan so‘ng biz referendumni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi amaliyot va qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yakuniy hisobot tayyorlaymiz. Hujjat iyun yoki iyul oylarida Varshavada chop etiladi. DIIHB missiyasi O‘zbekistonning ushbu muhim siyosiy jarayonda ishtirok etishga taklif etilishini bo‘lajak referendumning maksimal darajada ochiqligi va demokratikligini ta’minlash sifatida baholaydi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

M.Komilova,  

O‘zA