O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov rahbarligidagi madaniyat xodimlari, teatr arboblari, san’atkorlardan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Z. M. Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda qatnashish uchun O‘sh shahriga keldi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh oblasti chegarasida milliy udumlar asosida tantanali ravishda kutib olindi.

Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari o‘rtasida iqtisodiy, savdo, ta’lim, madaniyat, san’at, adabiyot, tibbiyot, ayniqsa, sayyohlik yo‘nalishlarida hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Ikki qardosh, qo‘shni xalq o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishida shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning xizmatlari beqiyos. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida erishilgan kelishuvga asosan, 2021 yildan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi mablag‘lari hisobidan beg‘araz yordam sifatida o‘zbekistonlik quruvchilar tomonidan Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrining binosi to‘la rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan edi.

bugungi kunga kelib Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri binosining qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Teatr binosi butunlay yangicha qiyofaga, zamonaviy, ko‘rkam, muhtasham ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Teatrning yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda qatnashish uchun borgan o‘zbekistonlik mehmonlar tantanali kutib olingach, Sulaymon tog‘i tizmasiga tashrif buyurdi. Bu yerda Qirg‘iz milliy ansambli hamda folklor jamolari tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi.

F. UBAYDULLAEV, O‘zA