Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari  R.Saparbayev ishtirokchilarni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganligining 30 yilligi hamda ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bayrami bilan muborakbod etdi. Shundan so‘ng, sohada uzoq yillar mobaynida fidokorona mehnat qilgan bir guruh xodimlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasining unvoni, ko‘krak nishonlari hamda faxriy yorliqlar topshirildi.

Tadbir doirasida sana munosabati bilan talaba yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Orolbo‘yi hududini rivojlantirishda innovatsion yechimlar” mavzusidagi innovatsion g‘oyalar hamda maktab  o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yangi Orol bolalar nigohida” mavzusidagi rasmlar va insholar tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Tanlovda birinchi o‘rin egalariga 10 million so‘m, ikkinchi o‘rin sohiblariga 5 million so‘mdan hamda uchinchi o‘rinlarga 3 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Orolni muhofaza qilish Xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining bayram  konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA