Stokgolm shahrida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Shvetsiya parlamenti a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shvetsiya parlamenti Spikerining birinchi o‘rinbosari Kennet Forslund va Shvetsiya parlamenti rahbarining o‘rinbosari K.Lundgren hamda Tashqi ishlar, Konstitutsiyaviy masalalar va YeXHT bilan hamkorlik qo‘mitalari a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Sodiq Safoyev shvetsiyalik vakillarni mamlakatda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarda, avvalo inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanayotgani hamda parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirilayotganligini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, muloqot chog‘ida O‘zbekiston–Shvetsiya parlamentlararo hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. O‘z navbatda, Shvetsiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, tashqi siyosat sohasida olib borilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Shahnoza TOSHTEMIROVA, O‘zA