Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida “Airbus A330” havo kemasi tantanali tarzda kutib olindi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Transport vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ mutasaddilari va soha xodimlari ishtirok etdi.

“Airbus A330”  uzoq masofaga parvoz qiladigan samolyot bo‘lib, uning saloni 266 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. O‘rindiqlarning  18 tasi biznes-klass, 248 tasi ekonom-klass o‘rindiqlari hisoblanadi.

bugungi kunda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi tizimida ham katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan parvozlar geografiyasini kengaytirish, ularning samaradorligini oshirish kabi salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan 2022-yilda aviakompaniya 4 milliondan ortiq yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazgan. Ushbu vazifalarni bajarish uchun 2022-yilda havo kemasi aviaparki beshta “Airbus A321neo” bilan to‘ldirildi. Joriy yil oxirigacha to‘rtta yangi “Airbus A320neo” va 2029 yilga qadar,  o‘n ikkita samolyot sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzolangan.

“Uzbekistan Airways” AJ ning tashabbuskor rejalarini amalga oshirish uchun havo kemalari parkini kengaytirish va yo‘nalishlar tarmog‘ini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalarni bajarish konsepsiyasi doirasida “Airbus A330” oilasiga mansub ikkita samolyotni ijaraga olishga qaror qilindi. “Uzbekistan Airways”  va  “Heston Airlines”  o‘rtasida tegishli kelishuvga erishildi.

Kompaniya havo kemalari barcha xavfsizlik talablariga javob beradi hamda o‘rta va uzoq masofalarga parvozlarni amalga oshiradi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA