Joriy yilning 20 aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov va Germaniya taraqqiyot bankining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Veronika Garsiya Del Arko xonim o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar joriy va istiqbolli loyihalar, moliyaviy hamkorlik doirasida strategik sheriklik va byudjet siyosatini qo‘llab-quvvatlash masalalari haqida so‘z yuritdi.

Qayd etish kerakki, KfW – Germaniya federal hukumati rivojlanayotgan va iqtisodiyotida o‘tish davri bo‘lgan mamlakatlarda investitsiyalar va tegishli konsalting xizmatlarini moliyalashtiradi. Ushbu moliyaviy tashkilot mamlakatimizda 1993 yildan buyon faoliyat yuritadi va  iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarni moliyalashtirib keladi.

Uchrashuvda Veronika Garsiya Del Arko xonim Germaniya taraqqiyot bankining yurtimizdagi faoliyatini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga  samimiy minnatdorlik bildirdi.

Vazirning o‘rinbosari Ilhom Norqulov mehmonlarni mamlakatimizning energetika sektori, ijtimoiy tizim, davlat korxonalaridagi transformatsiya jarayonlari va “yashil” iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha qo‘shma hamkorlikni davom ettirish va o‘zaro manfaatli loyihalar sohasini kengaytirishga kelishib oldi.

 

 Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA