Butun islom dunyosida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham Ramazon hayiti bayramini yurtdoshlarimiz ko‘tarinki kayfiyat, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.

Dinimizda muqaddas mohi Ramazon ezgulik, savob, mehr-muruvvat, saxovat oyi sanalgan. Ayni g‘oyalar ham xalqimiz milliy dunyoqarashida, tabiatida ustuvorlik kasb etishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu muborak ayyom arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi mamlakatimiz ma’naviy hayotida alohida ahamiyat kasb etadi.

Zero, ijtimoiy sohaga e’tibor, ma’naviy-ma’rifiy yangilanish yurtimizda bugun kechayotgan islohotlarda ustuvor o‘rin tutadi. Darhaqiqat, keyingi yillarda milliy an’ana va qadriyatlarimizni qayta tiklash, e’zozlash, asrab-avaylash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yurtimizda yashab o‘tgan aziz avliyolarimizning pok nomlarini tiklash, ezgu faoliyatini  o‘rganish, ilmiy -ma’rifiy merosini targ‘ib etishga oid ishlar yangicha ma’no-mazmun kasb etdi.

Fuqarolarimizning muqaddas Haj va Umra amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Qutlug‘ Ramazon oyida ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, ko‘ngli yarim fuqarolarning Umra safariga borishdek orzusi ro‘yobga chiqdi. Ota-onasini muqaddas safarga yuborgan yurtdoshlarimiz safi yanada kengaydi.

Ushbu tabarruk oyda ijtimoiy holati murakkab xonadonlar, bemorlar, keksalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olishga oid savobli ishlar tobora avj oldi. Bu yo‘nalishda ko‘plab ijtimoiy-ma’rifiy loyihalar amalga oshirildi. Kamxarj oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.

Adabiyot, san’at, ilm-fan, ma’rifat rivojiga hissa qo‘shgan ustoz ziyolilar, olimlar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlarning xotirasi yodga olindi.

Bugun erta tongdan respublikamizdagi masjidlarda hayit namozi to‘la-to‘kis ado etildi. Hayit namoziga yig‘ilgan yurtdoshlarimiz tinch va osuda zaminda yashayotganimiz, xotirjam ibodatlar qilayotganimiz uchun yaratganga shukronalar aytdi.

Eng asosiysi Ramazon oyidagi fayz, shukuh, shukronalik tuyg‘ularidan ko‘ngillarimiz yanada munavvar bo‘ldi!

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri