«bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi». Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etgan maqsad mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Ularning ijrosini tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda.

Mazkur bosh g‘oya asosida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini beryapti. Yurtimizda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, davlat tashkilotlarida ayollarni ish bilan ta’minlash, umuman, xotin-qizlar huquqini himoya qilish, gender tengligiga qat’iy amal qilish maqsadida ayollarga qulay sharoitlar yaratib berilgan.

O‘zA Birlashgan millatlar tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda e’lon qilayotgan navbatdagi maqolada aynan jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘ygan Ziynegulning hayoti hikoya qilinadi. U respublikadagi xotin-qizlar bandligini ta’minlashga bel bog‘lagani rost.

2018 yil oxirida BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi Orolbo‘yida yashovchi jamoalarning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qo‘shma sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida milliy va xalqaro hamkorlik uchun integratsiyalashgan platforma yaratdi.

Mazkur fond tashkil etilganidan buyon oziq-ovqat, atrof-muhit, ijtimoiy, iqtisodiy va sog‘liqni saqlash xavfsizligi borasidagi muammolarni hal qilish ustida ishlayapti. 2023 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, 247 mingdan ziyod aholi, jumladan, yoshlar, ayollar va qariyalar hayotini yaxshilash maqsadida 13,5 million dollar miqdordagi yettita qo‘shma dastur moliyalashtirildi.

Ziynegul BMTning Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha jamg‘armasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi moliyaviy biznes loyihasi tanlovi g‘olibasi hisoblanadi.

U oilaviy albomni asta varaqlab, o‘zining sevimli suratlaridan birini ko‘rsatadi: «Bu men, bu yerda hali juda kichkinaman… Menimcha, yoshim sakkizda edi, qo‘g‘irchog‘im uchun soch turmagini qilyapman», deydi.

Oradan 30 yil o‘tib, Ziynegul ikki farzandning onasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolidagi 22 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Bo‘zatov tumanidagi go‘zallik saloni boshqaruvchisi bo‘ldi.

BMTning qo‘shma dasturi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Orolbo‘yining ehtiyojmand aholisiga iqtisodiy, ijtimoiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilishda ko‘mak berib keladi.

Orol dengizining qurishi Orolbo‘yi mintaqasida aholining sanitariya holati yomonlashishi va sifatli ichimlik suvi tanqisligi kabi global xarakterdagi ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolarni keltirib chiqardi.

Sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mintaqada tibbiy ko‘rik paytida tekshirilayotgan aholining 60-70 foizida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) salomatlik holatida ma’lum muammolar aniqlangani bejiz emas. 2003-2019 yillarda Qoraqalpog‘istonda qon aylanish tizimi kasalliklari 123 foiz, nafas yo‘llari kasalliklari 93 foizga oshgan.

O‘tgan yil martda Ziynegul Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlaridan uch yuz nafar xotin-qiz bilan birga UNFPA biznes-trenerlari ko‘magida tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish va biznes yuritish bo‘yicha malakaviy kursda o‘qitildi.

– Bu menga va men kabi ko‘plab ayollarga o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, biznes sohasida kerakli ko‘nikmalarni egallashga yordam beradigan qiziqarli va samarali trening. O‘quv jarayonida ko‘plab yangi do‘stlar orttirdim, eng muhimi, biz endi hamisha bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab boramiz, – deydi Ziynegul.

Biznes-trening yakunida Qoraqalpog‘istonda ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelgusida moliyalashtiriladigan eng qiziqarli o‘n bir biznes loyiha tanlab olingan. BMT Taraqqiyot dasturi Ziynegul boshqaradigan go‘zallik saloniga beshta oyna, beshta o‘rindiq, soch yuvadigan maxsus moslama va boshqa kerakli vositalar taqdim etgan.

– Menga qo‘ng‘iroq qilib, biznes-rejam moliyalashtirish uchun tanlangani haqida xabar berishdi, – deydi Ziynegul. – Taqdim etilgan asbob-uskunalar ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yaxshilash, yanada ko‘proq mijozlarni jalb qilish, qo‘shimcha xodimlarni yollashda katta yordam berdi.

– 15 yil oldin birinchi marta go‘zallik salonida ishimni shogird sifatida boshlaganman. Ko‘p qiynaldim. Bir vaqtning o‘zida ishlash va o‘rganish kerak edi. Har doim biz istagandek bo‘lmaydi, ba’zan hammasidan voz kechmoqchi bo‘lardim, lekin baribir taslim bo‘lmadim. O‘z ustimda qattiq ishlashda davom etdim, turmush o‘rtog‘im ko‘p jihatdan meni qo‘llab-quvvatladi, – deya eslaydi u.

Hozirda Ziynegul bilan birga yana ikki nafar qiz salonda doimiy ishlayapti. To‘rt nafar shogirdi ish o‘rganyapti. Maqola qahramoni erishgan yutuqlari bilan to‘xtab qolish niyatida emas. U biznesini yanada kengaytirib, hududda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni istaydi.

Ziynegul har bir mijozni salonning eng muhim mehmonlaridan deb biladi. U oxirgi mijozini kuzatib, uyga shoshadi, uni turmush o‘rtog‘i, ikki nafar farzandi kutadi.

– Kechki paytda qiladigan har kunlik ishim, bu — qizim bilan qo‘g‘irchoq o‘ynash, o‘g‘limga ertak o‘qib berish, turmush o‘rtog‘imga Alloh in’om etgan yana bir baxtli kunim qanday o‘tgani haqida gapirib berish, – deydi oila malikasi.

Bugun xotin-qizlarimiz farzand tarbiyasida, turli sohalarda, mahallalarda fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ularning og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda bir qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu esa yurt farovonligining garovidir. Xulosa shuki, ulug‘ insonlarni dunyoga keltirib tarbiyalagan, buyuk ishlarga ruhlantirgan fozila ayollar hamisha e’tiborda.

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA