Inson ongini zaharlab, uni tafakkur va idrokdan mahrum etuvchi giyohvandlik vositalarining chet davlatlardan olib kirilishi, aylanmada bo‘lishi va noqonuniy savdosiga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yoshlarning giyohvand moddalar bilan bog‘liq qaltis ishlarga aralashib qolishi yanada ayanchli oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.

Qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan yuzlab insonlarning yostig‘ini quritishi mumkin bo‘lgan giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan hamkorlikda Ellikqal’a tumanida giyohvandlik moddalariga qarshi kurashishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Natijada, oldindan kuzatuvga olingan 27 yoshli fuqaro “shartli xaridor”ga 1 dona shaffof paketga o‘ralgan, o‘tkir hidli, qoramtir rangli giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddalarni oldindan kelishilgan 1 700 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Maxsus ekspertiza xulosasiga ko‘ra ashyoviy dalil tariqasida olingan modda “gashish” deb nomlanishi hamda uning sof og‘irligi 42,78 gr.ga teng ekani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA