So‘nggi yillarda Hukumatning maxsus qaror va dasturlari doirasida Orol dengizining qurigan hududi va Mo‘ynoq aholisining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2018-2022 yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi Orol dengizining suvi qurigan hududida 1,6 mln. gektar maydonda cho‘l o‘simliklarining urug‘i va ko‘chatidan “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. O‘rmon xo‘jaliklari ishchi-xodimlari va aholi tomonidan 6,4 ming tonna saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arilgan.

Shundan, 1.3 ming tonnadan ortiq urug‘lar tuman aholisi tomonidan tayyorlangan. Bu yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Eshonqulov ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, o‘rmonzorlashtirish ishlarini davom ettirish uchun yiliga 100 gektardan kam bo‘lmagan hajmda saksovul niholxonalari tashkil etilib, 1,3 ming gektar yer tayyorlash ishlari bajarilgan. Buning uchun har yili o‘rtacha 1000 tagacha texnika va mexanizmlar,

4 dona samolyot va 2 dona deltaplan jalb etilgan, ekish mavsumlarida 2000 nafargacha aholi, ishchi-xodim va mexanizatorlar ishtirok etishgan.

Shu bilan birgalikda, Respublika hududlarini, jumladan Orol dengizining suvi qurigan tubida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tadbirlar joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Misol uchun, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar maydonda, shundan 122 ming gektar urug‘dan va 6 ming gektar ko‘chatdan “yashil qoplamalar” barpo etilgan.

O‘rmon xo‘jaliklari va mahalliy aholi tomonidan jami 541 tonna, shundan 447 tonna saksovul, 7,2 tonna qandim, 84 tonna qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining va 2,7 tonna yaylov o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arilgan.

Mamlakatimizning Buxoro viloyatida esa 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar, Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgan.

 

M. Eshmirzayeva, N.Abduvoitov tasvirchi,  

O‘zA