O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi Amet Tariyxovning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Xalq donoligi – ta’lim va tarbiyaning tub asosi” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda taniqli san’at va madaniyat sohasi vakillari, baxshining  shogirdlari, oila a’zolari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri Q.Turdiyev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari san’at arbobi, Berdaq  nomidagi davlat mukofoti sovrindori Q.Zaretdinov, filologiya fanlari doktori, professor Q.Jarimbetov, O‘zbekiston xalq baxshisi G‘.Utemuratov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida milliy madaniyat va san’atimizni, jumladan, baxshichilikni rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassislar tayyorlashga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Amet Tariyxov o‘zining alohida iqtidori, boy dunyoqarashi bilan milliy madaniyat va san’atimizni rivojlantirishda salmoqli o‘rin egallagan. U 1923 yilda Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumani hududidagi  Yesim bo‘yi Sag‘anay quyun ovulida tug‘ilgan. Oilasi juda kambag‘al bo‘lgani bois dehqonchilik ishlari bilan shug‘ullangan. Qatag‘on davrida yoshligidan ota-onasidan yetim qolib, qarindoshlari qo‘lida tarbiyalanadi. Uning avlodida baxshichilik bilan shug‘ullanganlar bo‘lmasa-da ovulga kelgan baxshi-jirovlarni tuni bilan uxlamasdan tinglar edi. Bu davrda, ayniqsa, 20 yillarning oxiri, 30-50 yillarda jirov-baxshilar maydonda yig‘ilib, katta klublarda yoki seyisxonalarda ijro etishar edi.

U 1943 yilning sentyabr oyida frontga ketadi. 1944 yilning iyuniga qadar Belorussiyadagi 820-jangchilar polkida xizmat qiladi. Vitebsk o‘rmonida bo‘lgan jangda ko‘zidan yarador bo‘lib, urushdan qaytib keladi. 1944-45 yillarda o‘z ovulida ishlaydi. Urush davrida va undan keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonning baxshi-jirovlari xalqimizni nemets-fashist bosqinchilariga qarshi vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda xalq orasida qoraqalpoq qahramonlik dostonlarini ijro etdi.

Uning baxshichilik yo‘lini tanlashda taniqli Izimbet jirov, Abdirasul jirov, Yesjan baxshi, To‘rebay baxshilarning hissasi katta bo‘ldi. Ayniqsa, Amet Tariyxov Yesjan baxshi va  Qurbaniyaz baxshilarga shogird tushgan  ustozlaridan bir nechta xalq qo‘shiqlari, “Qirmandali”, “G‘arip ashiq”, “Sayatxan-Hamra”, “Yusup-Axmet”, “Bazirgen” kabi liro-epik dostonlarini qunt bilan o‘rganadi va baxshining go‘zal kuylari, qo‘ng‘iroqdek ovozi, ijro etgan dostonlari uni taniqli baxshi darajasiga yetaklaydi.

Baxshining uzoq yillik samarali faoliyati va ma’naviy madaniy yutuqlari hukumatimiz tomonidan yuksak baholanib, unga 1967 yilda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1983 yilda “Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi” faxriy unvonlari berildi. Amet baxshi Tariyxov faqatgina mamlakatimiz miqyosida emas, balki qo‘shni Qozog‘iston, Turkmaniston  Respublikalarida ham o‘z muxlislariga ega bo‘lib, o‘zining betakror ovozi bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozondi.

1991 yilda  xalqimizga taniqli baxshining yurtimizga ko‘rsatgan katta xizmatlarini odilona baholash va uning nomini abadiylashtirish to‘g‘risidagi iltimoslarga ko‘ra, Nukus shahrida o‘zi istiqomat qilgan ko‘cha Amet baxshi Tariyxov nomiga qo‘yildi. 2002 yilda Nukus shahar 2-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Amet baxshi Tariyxov nomi berildi. “O‘zbekkino” milliy agentligi “Qaraqalpaqfilm” kinostudiyasi tomonidan  hujjatli  film tasvirga olindi. 2022 yil 25 noyabrda Nukus shahar Amet baxshi  Tariyxov nomidagi bolalar musiqa va san’at maktabida  respublika Yosh baxshilar ko‘rik tanlovi  o‘tkazildi.

Shu yilning yanvar oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishda munosib hissa qo‘shgan bir guruh fidoyilarning yubiley sanalari orasida Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi Amet Tariyxovning 100 yilligini respublika miqyosida keng  va yuksak saviyada nishonlash bo‘yicha yig‘ilish qarori chiqdi. Shunga muvofiq, fevral oyida 50 va undan yuqori yoshdagi baxshilar orasida  baxshilar tanlovi o‘tkazildi.

– Darhaqiqat, Amet Tariyxov xalq dostonlarini mohirona ijro etib, xalqimiz dilidan chuqur o‘rin olgan baxshilardan biridir, – deydi  O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Qurbanbay Zaretdinov. – bugungi kunda unutilayotgan baxshichilik san’ati qayta tiklanib, san’atga qiziquvchi yoshlarni  tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida 2022-2023 o‘quv yilida baxshichilik va dostonchilik ta’lim yo‘nalishining ochilishi buning yorqin misolidir.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga filial talabalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi Amet Tariyxovning 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar  shahar va tumanlarda, o‘quv yurtlarida davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA