Yaponiyaning Nagano prefekturasiga qarashli kurort shahar Karuizavada G7 mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi boshlandi.

Tadbirning Hind-Tinch okeani mintaqasi muammolariga bag‘ishlangan birinchi sessiyasida Hindiston va ASEAN bilan hamkorlik muhim ekani ta’kidlanib, tuzilma doirasida mintaqaviy muammolar bo‘yicha muntazam muloqot o‘tkazib turishga kelishilgan. Bu haqda  kunchiqar yurt TIV sessiya yakunlariga bag‘ishlab tarqatgan xabarda ma’lum qilindi.

Ma’lumki, 2023 yil ushbu guruhga raislik Yaponiyaga o‘tdi. 19-21 may kunlari Xirosima shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy Sammitga “Yettilik” davlatlaridan tashqari Hindiston, Avstraliya, Braziliya, Janubiy Koreya, Vetnam va yana uch mamlakat – ASEANga raislik qilayotgan Indoneziya, Tinch okeani orollari forumiga raislik qilayotgan Kuk Oroli, Afrika ittifoqiga raislik qilayotgan Komor orollari Ittifoqi ham taklif etilgan. Anjumanda BMT, Xalqaro energetika agentligi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Jahon banki, JSST va Jahon savdo tashkiloti singari nufuzli xalqaro tashkilotlar ham ishtirok etishi kutilmoqda.