Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Sudanda 15 aprel kuni ertalab Tezkor harakat kuchlari (RRF) va Sudan armiyasi bo‘linmalari o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuvni keskin qoraladi. Bu haqda bosh kotib matbuot kotibi Stefan Dyujarrik yozma bayonotida aytgan.
“Bosh kotib RRF va Sudan Qurolli kuchlari rahbarlarini to‘qnashuvni zudlik bilan to‘xtatish, tinchlikni ta’minlash va mavjud inqirozni hal qilish uchun muloqot boshlashga chaqiradi”, — deyiladi bayonotda.
Dyujarrik ziddiyat kuchayishi oqibatida mamlakatdagi gumanitar vaziyat yomonlashganiga e’tibor qaratdi. Guterrish mintaqa davlatlarini Sudanda tartibni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda, dedi u.
Bosh kotib BMT Sudan xalqining demokratik o‘tish davrini tiklash, tinch va xavfsiz kelajak barpo etishga intilishini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi, — deyiladi xabarda.
Ma’lumotga ko‘ra, Xartum va Sudanning turli shaharlarida armiya va Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvda 56 nafar oddiy aholi vakili qurbon bo‘lgan, 595 kishi yaralangan. So‘nggi oylarda “dahanaki jang” qizg‘in mojaroga aylanib ketdi.
O‘zA