Oltmish yildan ortiq davom etgan Germaniyada atom elektrostansiyasi davri nihoyasiga yetdi. 16 aprel, yakshanba kuniga o‘tar kechasi ishlab turgan Bavariyadagi “Isar 2”, Baden-Vyurtembergdagi “Neckarwestheim 2” va Quyi Saksoniyadagi “Emsland” stansiyalari tarmoqdan uzildi. Bu haqda “dpa” agentligi xabar berdi.

Atom energetikasi muxoliflari bu tarixiy voqeani kun davomida Berlin va boshqa shaharlarda miting o‘tkazib nishonlashdi.

Ayni paytda AESning yopilishiga qarshi bo‘lganlar ko‘chalarni to‘ldirishdi.

Germaniyaning Atrof-muhit va yadro xavfsizligi vaziri  Shteffi Lemke “AESdan voz kechib, mamlakatning yanada xavfsizligi oshdi”, deb bayonot berdi.

Hukumat koalitsiyasiga kiruvchi Germaniya erkin demokratik partiyasi – “SvDP” bosh kotibi Bijan Djir-Saray mazkur texnologiyadan butunlay voz kechmaslikka chaqirdi.

“Yadro energetikasi tugatilgach, keyin ham Germaniyada bu sohaning kelajagi bo‘lishi kerak. Bu termoyadro tadqiqotlarini kengaytirish va yangi, xavfsizroq yadroviy parchalanish texnologiyalarini taqdim etayotgan imkoniyatlardan foydalanishni o‘z ichiga oladi”, dedi u.

Mamlakatning AESdan voz kechish qarori 2011 yilda Yaponiyadagi “Fukusima 1” atom elektrostansiyada yuz bergan yirik falokatdan keyin qabul qilingan. So‘nggi uchta stansiyaning ishi o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida tugashi kerak edi. Ukraina ziddiyati oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozi tufayli ularni to‘xtatish 15 aprelga qoldirilgan edi.

 

O‘zA