Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti ochish tartibi qanday hamda ular amal qilishi lozim bo‘lgan asosiy talablar va shartlar nimalardan iborat?

bugungi kunda nodavlat umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi tegishli qarori bilan tartibga solinadi.

Mazkur qarorga muvofiq litsenziya talabgori litsenziyani olish uchun «Litsenziya» axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ravishda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda yuborishi lozim:

1) ariza;

arizada quyidagilar ko‘rsatiladi:

yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, elektron pochtasi (mavjud bo‘lsa), ta’lim faoliyatini amalga oshirish manzili, bank muassasasining nomi va bank hisob varag‘i, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR), faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati, ariza to‘ldirish sababi (yangi litsenziya olish, qayta rasmiylashtirish), litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishga roziligi;

2) pedagog kadrlar haqida ma’lumot;

3) o‘quv rejasi va dasturlarining elektron nusxalari;

4) ta’lim-tarbiya faoliyati yuritiladigan binoga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;

5) arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im (bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari).

Yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizomga muvofiq nodavlat umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun asosiy litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat.

1. O‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar hamda axborot-resurs bazasi bilan ta’minlanganligi

2. Ta’lim oluvchilar soniga to‘g‘ri keladigan o‘qituvchilar shtat birliklari

3. O‘qituvchilarning malaka toifalariga (lavozimlariga) ko‘ra salohiyati

4. Chet tili o‘qituvchilarining chet tilini bilishi darajasi

5. Umumiy o‘rta (o‘rta maxsus) ta’lim tashkilotining hududiga qo‘yiladigan talablar

6. Axborot texnologiyalari bilan ta’minlanganlik darajasi

7. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga imtiyoz taqdim etilganligi

8. Shuningdek, barcha ta’lim turlari uchun belgilangan umumiy litsenziya talablari va shartlariga muvofiqlik.

O‘zA