O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligi va o‘sishini ta’minlashda ichki va tashqi imkoniyatlar muhim hisoblanadi. Shu jumladan, barcha sohalarda yutuq va kamchiliklar hamda boshqa davlatlar tajribasini o‘rganish va tahlil qilish katta foyda beradi.

Shu talablar asosida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida ishlab chiqarish natijalari bilan bir qatorda, xorijiy davlatlarning barcha sohalardagi o‘sish omillari o‘rganiladi.

bugungi kunda dunyo bo‘yicha o‘zining iqtisodiy qudrati bilan ko‘plab davlatlardan ustunlik qilayotgan Xitoy Xalq Respublikasi qaysi omillar asosida bunday natijalarga erishdi?

Ushbu savol bilan Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Zulfiya Kostyuchenkoga yuzlandik.

– Albatta, har bir mamlakatning iqtisodiy yutuqlarida aynan o‘sha hududga xos muhim omillar bo‘ladi, –dedi Z.Kostyuchenko. – Bu omillar esa deyarli barcha sohalar uchun muvaffaqiyat keltiradi. Ilmiy muassasamiz mutaxassislari o‘sish omili sifatida vatandoshlarni jalb qilish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganib chiqdi.

Xitoy iqtisodiy mo‘’jizasi mamlakatni iqtisodiy jihatdan qudratli davlatga aylantirgan favqulodda hodisa bo‘ldi. Bunda asrlar davomida shakllangan va hozirda turli manbalarga ko‘ra, dunyoning 198 ta mamlakati va turli mintaqalaridagi  50 million nafardan 60 million nafargacha kishini tashkil etuvchi Xitoy diasporasi muhim rol o‘ynadi va o‘ynashda davom etmoqda.

Agar iqtisodiy qudrat shakllana boshlagan 80-yillarda xitoylik muhojirlar mamlakatga sarmoya kirituvchi asosiy sarmoyadorlar vazifasini bajargan bo‘lsa, hozir ko‘p hollarda Janubi-sharqiy Osiyoda Xitoyning “Belbog‘ va yo‘l” tashabbusi targ‘ibotchilari bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda ham Xitoyga kiritilayotgan xorijiy sarmoyada xitoylik muhojirlarning ulushi katta.

Shu maqsadda so‘nggi yillarda Xitoy hukumati to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun ochiq bo‘lgan tarmoqlar sonini kengaytirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bular asosan ishlab chiqarish sanoat tarmoqlari, ayniqsa, yuqori texnologiyali sohalardir.

Hukumat xorijiy investitsiyalar bo‘yicha ko‘plab cheklovlarni olib tashladi va tajriba tariqasidagi erkin savdo zonalari mexanizmidan faol foydalanmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy butun dunyo bo‘ylab xorijdagi vatandoshlar salohiyatini jalb qilishga qaratilgan keng tarmoqli va faol tizimga ega.

Masalan, Xorijda istiqomat qiluvchi xitoyliklar ishi bo‘yicha maxsus departament xorijdagi xitoylik ishbilarmonlar va mahalliy korxonalar o‘zaro kelishib olishi, muzokaralar o‘tkazishi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun platformalar yaratadi. Departament ushbu platformalar doirasida xitoylik muhojirlar sarmoyasini jalb qilishga qaratilgan ko‘plab tadbirlarni o‘tkazadi. Ularning orasida Xorijda Xitoy tadbirkorligini rivojlantirish yarmarkasi, Xorijdagi Xitoy sanoat yarmarkasi, Ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik yarmarkasi bor.

Xorijdagi Xitoy tadbirkorlari assotsiatsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilag bo‘lib, assotsiatsiya xorijda Xitoy tadbirkorligi yarmarkalarini tashkil etishga ixtisoslashgan. Maqsad Xitoyni rivojlantirish uchun muhojirlarning imkoniyatlaridan unumli foydalanish.

Xitoy hukumati “China International Import Expo”, “Service Trade Fair” va “Consumer Expo” kabi yirik ko‘rgazmalarni tashkil etadi. Bunday tadbirlar yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun xalqaro platforma vazifasini bajaradi. Xitoylik ishbilarmonlar va xorijdagi Xitoy kompaniyalari ham o‘z brendlarini targ‘ib qilish va Xitoy bozoriga kirish yo‘llarini rivojlantirgan maqsadida ushbu ko‘rgazmalarda faol ishtirok etmoqda.

Ta’kidlash joizki, Xitoyda chet elga o‘qish uchun ketayotgan xitoyliklar sonining har yili barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Boshqa tomondan, diplom va ilmiy daraja olib, Xitoyga qaytgan fuqarolar soni ham ortib bormoqda. 2021 yilda bir milliondan ortiq xitoylik bitiruvchilar o‘z vataniga qaytdi. Bu 2019 yildagiga (777 ming) nisbatan ancha ko‘p.

Barqaraor o‘sayotgan iqtisodiyot, fan va texnika, iqtisodiyot, ta’lim va davlat boshqaruvi kabi sohalarda yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishi bitiruvchilarda o‘z vataniga qaytish istagini kuchaytirmoqda.

Xulosa shuki, O‘zbekiston xorijdagi vatandoshlarni jalb qilish bo‘yicha Xitoy tajribasini sinchiklab o‘rganishi maqsadga muvofiqdir. Chunki xorijdagi o‘zbek diasporasining salohiyati juda yuqori va ushbu salohiyatdan unumli foydalana olish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun kattagina naf keltiradi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.