Davlat idoralari va korxonalarida inson resurslarini boshqarish faoliyati raqamlashtirildi

bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining asosiy vaqti ortiqcha qog‘ozbozlikka sarflanmoqda. O‘tkazilgan so‘rov va tahlillarga ko‘ra, xodimlarning hujjatlarini arxivlashtirish kadrlar bo‘linmalari xodimlari ish vaqti va hajmining 25 foizini, qabul qilish, bo‘shatish va xizmat safarlari kabi mehnatga oid munosabatlar hujjatlarini tayyorlash, ularni rasmiylashtirish esa 20 foizini talab qilmoqda.

Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, vazirlik va idoralar, ularning quyi tizimlari, hamda mahalliy hokimliklarni hisobga olganda bir yilda bir necha tonna qog‘oz sarflanmoqda. Bu qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarning oldini olish, shuningdek, kadrlar bo‘yicha elektron arxiv yuritish maqsadida HRM.ARGOS.UZ avtomatlashtirilgan dasturi ishlab chiqildi.

Sohada byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan ushbu tizim davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz, yagona milliy mehnat tizimi – my.mehnat.uz elektron dasturlari bilan integratsiyalashgan. Xodimlar va mehnatga doir ma’lumotlar avtomatik tarzda ushbu dasturda shakllanadi. Mazkur tizim 2023 yil 1 fevraldan davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha davlat organlari va tashkilotlarida joriy etilmoqda. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmalari byurokratiya va ortiqcha qog‘ozbozlikdan holi bo‘lgan quyidagi qator qulayliklarga ega bo‘ladi.

– hujjatlarni rasmiylashtirish;

– tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazaga joylash;

– xodimlar davomati va ish vaqti hisobi tabeli;

– xizmat safari, mehnat ta’tili, mehnatga layoqatsizlik davrini elektron shaklda qayd etish;

– kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish;

– xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy malakasini oshirishga erishiladi;

– kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivi yuritiladi.

Bugunga qadar tizimga 4 mingdan ortiq tashkilotlar ulandi.

O‘zA