13-aprel kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston tomoni raisligida Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar vazirlarining toʻrtinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum davomida tomonlar Afgʻonistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining inklyuziv hukumat yaratish, afgʻonistonlik ayollarning mehnat va taʼlim olish imkoniyatini hamda milliy ozchilikning huquqlarini taʼminlash kabi asosiy talablarining bajarilishi muhokama qilindi.

Afgʻoniston xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiy omili sifatida Afgʻoniston salohiyatini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish muhimligi qayd etildi.

Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Afgʻoniston hududida qoʻshni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish oʻrinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar vazirlari uchrashuvi yakunlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

Forum tadbirlari doirasida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Pokiston tashqi ishlar davlat vaziri Hina Rabboniy, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi yetakchisi, 14-aprel kuni oʻtkaziladigan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashdi.

Muloqotlar chogʻida davlatlar oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Gʻolib HASANOV, OʻzA muxbiri