O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligidan ma’lum qilinishicha, joriy yilning 15-17 aprel kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib keladi.

15 aprelda respublika hududida, 16 aprelda Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.

15-17 aprelda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi,  Xorazm,  Buxoro,  Navoiy, Farg‘ona

viloyatlarida shamol tezligi  25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

17 aprel kuni havo harorati kechasi 2-7 daraja, kunduzi 10-15 daraja iliqgacha pasayadi.

16-17 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyati shimolida harorat 0-5 daraja iliqgacha, ba’zi joylarda -1….-3 daraja sovuqgacha pasayishi mumkin, kunduz kunlari 7-12 daraja iliqgacha pasayadi.

15-17 aprel kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda qorga aylanadi) bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyot choralariga rioya etishlari  so‘raladi.

O‘zA