Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston – Hindiston sog‘liqni saqlash xalqaro forumi qizg‘in davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan soha vakillari, chet ellik mutaxassislarning forum haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.

Sohan Chitlanje: D.Y.PatilCollege of Ayurved, Hospital &Research Centre universitetining farmatsevtika yo‘nalishi rahbari

– Bir soha vakillarining, qolaversa eng tajribali mutaxassislarning bir joyda mana shunday nufuzli forumda birlashishi juda katta ijobiy natijalarga sabab bo‘ladi. bugungi forumda o‘zaro tajriba va fikr almashish, yutuqlar va kamchiliklarni tahlil qilish uchun eng qulay muhit yaratilganligiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Oliy ta’lim dargohimiz Hindistondagi eng nufuzli xususiy tibbiyot universitetlaridan biri hisoblanadi. Forum ishtirokchilariga universitetimiz haqida batafsil ma’lumot berdim.

Xabaringiz bor, Hindiston dunyoda farmatsevtika mahsulotlarni yetkazib beruvchi uchinchi davlat hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, Hindistonda farmatsevtika sanoati juda rivojlangan. Shu o‘rinda aytish kerak, universitetimizda farmatsevtika yo‘nalishida nafaqat ta’lim jarayoni balki ilmiy ishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Bir qancha xorijiy mamlakatlardan talabalar kelib o‘qiydi.

Afsuski, farmatsevtika sohasida o‘qiydigan ko‘plab yoshlarda kelgusida dorixonalar ochish va dorixonalarda ishlashni maqsad qiladi. Aslida farmatsevtika sohasi dorixonaga yetib boradigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni, yangi forumlar yaratishni, ishlab chiqilayotgan dori mahsulotlarining har tomonlama sifati, xavfsizligi, farmakologik xususiyatlarini ilmiy tomondan chuqur o‘rganish bu farmatsevt qilishi kerak bo‘lgan ish hisoblanadi. Hozirgi kunda nafaqat Hindiston balki butun dunyo bozorida malakali farmatsevtlarga talab ortib bormoqda.

Bu forumga tashrifimizdan asosiy maqsad universitetimizni keng jamoatchilikka tanishtirish, yurtingizdagi tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish, talabalar va professor o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Shu bilan birga, ularning malakasini oshirish bundan tashqari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan farmatsevtika kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Qolaversa, o‘zbekistonlik hamkasblarimizga farmatsevtika sohasidagi ilmiy tadqiqotlar tomonidan yordam berish va shu ishlar orqali O‘zbekiston va Hindiston farmatsevtika sanoati rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.

So‘zim yakunida shuni aytish kerak, mamlakatingizda tibbiyot, farmatsevtika sohasi rivojlanib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu sohani yanada takomillashtirishda soha keng rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik o‘rnatish, bugungidek forumlarning tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Go‘zal Sattorova yozib oldi.

Nosir Haydarov (surat), O‘zA