O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasi Matbuot markazida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda  okrug komissiyasi raisi U.Jalmenov joriy yilning 30 aprelida o‘tkaziladigan siyosiy jarayon,  “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni bo‘yicha referendumni o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga axborot berdi.

Mazkur siyosiy jarayonning ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlashda, unga tayyorgarlik jarayonlarini keng yoritib borishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhimligini, bu borada jurnalistlarga axborotlarni tezkor yetkazish maqsadida 1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasining birinchi yig‘ilishida Okrugning matbuot markazi tashkil etilgani va uning tadbirlar rejasiga muvofiq, bugungi matbuot anjumani tashkil etilganini ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etilganidek, referendumga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in pallaga kirmoqda. 1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasining 19 nafar a’zosining 74 foizi avval ham shu kabi siyosiy tadbirni o‘tkazish bo‘yicha tajribaga ega insonlardir. Okrug hududida 547 ta uchastka maktab binosida, 32 ta uchastka professional ta’lim muassasasi binosida, 13 ta uchastka oliy ta’lim binosida, 3 ta uchastka mahalla guzarida, 3 ta uchastka harbiy qismlarda, 8 ta uchastka shifoxonalarda, 14 ta uchastka davlatga qarashli korxona va tashkilot binolarida, 29 ta uchastka madaniyat va sport markazlari binolarida, 2 ta uchastka adliya va davlat xizmatlari markazida, 2 ta uchastka tadbirkorlarga tegishli binolarda tuzilgan.

Tashkil etilgan uchastkalarning joylashuvi to‘g‘risidagi Okrug komissiyasi qarori “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasida qoraqalpoq tilida, “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasida o‘zbek tilida va “Vesti Karakalpakstana” gazetasida rus tilida chop etildi. Uchastka komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va komissiya kotibligiga tavsiya etilgan jami 1 ming 957 nafar nomzod referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga muvofiq, joriy yilning 23-30 mart kunlari o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida 67 nafar trener tomonidan o‘qitildi. Ta’kidlash kerakki, o‘quv mashg‘ulotlari uchun zarur o‘quv-qo‘llanmalar o‘z vaqtida o‘zbek va qoraqalpoq tillarida tinglovchilarga yetkazib berildi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari tomonidan Okrug komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etildi. Nomzodlarning qo‘yilgan talablarga javob berishi jihatidan har tomonlama o‘rganib chiqilib, barcha 653 ta referendum uchastkasining komissiyalariga 7 ming 931 nafar uchastka komissiyasi a’zosi tasdiqlandi. Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolarining 77,8 foizi avval saylov jarayonlarida qatnashganlar bo‘lsa, 75,7 foizi oliy ma’lumotlilar va 14 foizga yaqini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil 28 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Referendum okruglari hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari to‘g‘risida” gi Nizom va unda belgilangan aniq mezonlar asosida ish olib bormoqda.  Mazkur nizomda belgilangan me’zonlarga ko‘ra, Okrug komissiyasi a’zolari 7-8 aprel kunlari hududlarga chiqib, uchastka komissiyalari faoliyatini o‘rgandi hamda ularga uslubiy maslahatlar berdi. Ikki kun davomida jami 653 ta uchastka komissiyasidan 202 tasining faoliyati o‘rganib chiqildi.

E’tiborlisi, komissiya a’zolari tomonidan eng olis va chekka hududlardan hisoblangan Taxtako‘pir tumanidagi “Qostruba”,  To‘rtko‘l tumanidagi “Ko‘kcha”, “Paxtaobod” hamda Mo‘ynoq tumanidagi Nukus shahridan 220-270 km uzoqlikda joylashgan uchastkalarning referendumga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, joylarda aksariyat uchastka komissiyalari tomonidan o‘z faoliyati talab darajasida tashkil etilgan, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, adabiyot va videomateriallar barcha uchastka komissiyalari uchun yetkazib berilgan.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari siyosiy jarayonni o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish ishlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA