Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Ziyovuddin Mirsodiqov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan hafta davomida respublikamiz bo‘ylab 393 ta oilaga 69 million 90 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy ko‘makka muhtoj 48 nafar fuqaroga 56 million 300 ming so‘mlik pul mablag‘lari tarqatildi hamda 910 nafardan ortiq hamyurtlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.

Ramazon oyining uchinchi haftasi davomida fond tomonidan aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlami, diniy soha xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari uchun  jami 382 million 100 ming so‘mlik xayriya ishlari amalga oshirildi.

Umumiy hisobda Ramazon oyi boshidan bugunga qadar 1 ming 25 ta oilaga 178 million 820 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 97 nafar fuqaroga 123 million 900 ming so‘mlik pul mablag‘lari xayriya qilinib, 2 ming 110 nafardan ortiq hamyurtlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozildi. Oy davomida jami 715 million 930 ming so‘mlik xayriya ishlari amalga oshirildi.

O‘tgan hafta davomida saxovatpesha hamyurtlarimiz tomonidan fondga jami 466 million 70 ming so‘m miqdoridagi zakot, xayriya va ehsonlar kelib tushdi. Muborak oy boshidan bugunga qadar esa 1 milliard 238 million 460 ming so‘m qabul qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA