Prezidentning “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu dastur bo‘yicha bugungacha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar dasturga kiritilgan eksportchi korxonalarning 44 tasiga 101 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida to‘liq qaytarilgan. 9 tasiga eksportoldi moliyalashtirish maqsadida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 6,3 mln dollar miqdorida moliyaviy resurslar ajratilgan.

Bundan tashqari saralangan mazkur eksportchilarning murojaatlariga asosan:

— xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga 30 ming AQSH dollargacha moliyaviy yordam taqdim etiladi;

— aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kredit olishida tijorat banklariga eksport shartnomalarini garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi;

— biznes jarayonlar, eksport hajmini oshirish va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishi uchun xorijiy maslahatchilar jalb qilinadi.

Joriy yil boshidan mazkur korxonalar tomonidan jami 190 mln dollarlik eksport hajmlari ta’minlandi.

2023 yil 1 iyuliga qadar eksportchi korxonalar soni ochiq tanlov orqali 200 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov  (video), O‘zA