Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida 200 MVt quvvatga ega shamoldan elektr energiya ishlab chiqarish hamda energiya saqlash tizimi (akkumulyator) loyihasini amalga oshirish uchun investor tanlash bo‘yicha tenderning Takliflar so‘rovi bosqichi boshlandi.

Bu haqda Energetika  vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unda qayd etilishicha, tenderda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi loyihani moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurdirish, ishlatish, texnik xizmat ko‘rsatish va shartnoma muddati oxirida stansiyani qoldirib ketish yoki buzib, yerni asl holiga qaytarishi ko‘zda tutilgan.

Tenderning ushbu bosqichida birinchi bosqichdagi saralashdan o‘tgan Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar (BAA), ACWA Power Company (Saudiya Arabistoni), Concord New Energy Group Limited (Gonkong),  China Datang Overseas Investment Co. Ltd. (Xitoy) va Goldwind International Holdings Limited (Gonkong) kompaniyalari konsorsiumi, EDF Renouvelables S.A. (Fransiya), Eksim Enerji Anonim Şirketi (JSC Eksim Enerji) (Turkiya),  ReNew Vyan Shakti Private Limited (Hindiston), Universal Energy Co. Ltd. (Xitoy) va Voltalia SA (Fransiya) kompaniyalar o‘zlarining texnik, tijoriy va tarif takliflarini taqdim etmoqda.

Tanlov ishtirokchilari o‘z takliflarini 2023 yil 29 iyulda Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha taqdim etishi so‘raladi. Lekin tanlov davomida ishtirokchilarning murojaatlari asosida muddat hammaga uzaytirib berilishi mumkin.

 

O‘zA