FOTOREPORTAJ

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Kitobsevar millat” shiori ostidagi III respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Orolbo‘yida ham qator madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar keyingi yillarda mamlakatimizda aholi o‘rtasida kitobxonlikni ommaviylashtirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Ishtirokchilar “Yangi adabiyotlar”, “Yubilyar adabiyotlar”, “Qoraqalpoq folklori”, “Sehrli kitoblar mamlakati bo‘ylab sayohat” nomli kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ta’kidlash joiz, haftalik doirasida oliy ta’lim dargohlarida “Yoshlarda axborot almashuvi madaniyatini rivojlantirish istiqbollari”, “Xalq og‘zaki ijodida ayollar timsoli”, “Xalq og‘zaki ijodining durdona dostonlari”, “Kitobxon ona, kitobxon bola” nomli davra suhbatlari va shu kabi qator adabiy kechalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA