Raqamli ta’lim tizimiga o‘tishda maktablarni qo‘llab-quvvatlovchi Birlashgan Arab Amirliklarining “Alef Education” tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar taqdim etdi. Prezident maktablarining tashkil etilishi ta’lim tizimida yuksalishning yangi bosqichini boshlab berganini ta’kidladi. O‘sib kelayotgan avlodning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishga yordam beruvchi ko‘p tarmoqli ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha boshlangan ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Uchrashuvda “Alef” ta’lim platformasi bosh direktori Jefri Alfonso platformaning xususiyatlari, uni O‘zbekistonda mahalliy sharoitga moslashtirgan holda joriy etish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Katta hajmdagi ma’lumotlar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ta’lim boshqaruvida eng optimal qaror qabul qilish bo‘yicha respublika hududida tajriba-sinov loyihasini ishga tushirish borasida hamkorlik yuzasidan ma’ruza qildi.

“Alef” g‘oyasi birinchi marta 2015 yilda paydo bo‘lgan. U Birlashgan Arab Amirliklaridagi mahalliy davlat maktab tizimining ehtiyojlarini qondirish uchun IT texnologiyaga asoslangan ta’lim tizimining asosiy usuli sifatida ishlab chiqilgan. Kompaniya tez orada global miqyosda maktabgacha va maktab ta’lim sektorida raqamli ta’lim xizmatlarini ko‘rsata boshlagan. bugungi kunga kelib “Alef” mazkur g‘oyasini 4 mingdan ortiq maktabda tatbiq etmoqda. “Alef” o‘z mahalliy homiylaridan tashqari xalqaro maydonda katta tajribaga ega bo‘lgan “Microsoft”, “Google for Education”, “ACER”, “Meta Metrics” kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

“Alef” o‘quv platformasi (K-12 school systems) “Alef Education” kompaniyasi tomonidan yaratilgan bo‘lib, mazkur platforma sun’iy intellekt asosida ishlaydi. Har bir talabaning o‘qish uslubi va ehtiyojlariga moslashuvchanlik xususiyatiga ega. O‘quvchilar o‘ziga qulay paytda istagan joyidan turib bilim olishi mumkin. Murakkab mavzular soddalashtirilib, qiziqarli mashqlar, video va o‘yinlar yordamida o‘rgatiladi.

Shuningdek, mazkur o‘quv platformasi ota-onalar uchun ham o‘zining alohida “Alef Guardian App” mobil ilovasiga ega. Mazkur ilova orqali ota-onalar farzandlarining o‘qish jarayonlarini kuzatib borishi va ishtirok etishlari mumkin. Ularga o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi, haftalik hisobotlar elektron tarzda ko‘rsatib boriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA